Allamjonov aybdor - страница 12

Шрифт
Интервал


Ertalab FVV eshigiga yetib kelganimda ish kuni boshlanishiga hali oʻn besh daqiqa bor edi. Vazirning xonasiga kirdim. Forma kiygan Botir Rahmatovich kattakon stol ortida nimadir oʻqib oʻtirardi. Oʻziyam qoyadek salobatli. Menga bir qarab qoʻydi.

– Assalomu alaykum… – ikkilanib, sekingina stol tomon yurdim. Shu payt kutilmagan voqea boʻldi. Men Furqat akaning salomimga alik olmasligiga oʻrganib qolgan ekanman. Vazir oʻrnidan turdi. Stolni aylanib oʻtib, menga qoʻlini uzatdi.

– Vaalaykum. Yaxshimisiz? – u shunday deb, oʻtirishga ishora qildi.

Nimaga kelganim ham esimdan chiqib ketdi. Oʻzimni yoʻqotib qoʻydim. Kimsan vazir men – oddiy bir talaba bilan soʻrashish uchun oʻrnidan turdi-ya! Bu odamni oʻsha kundan hurmat qila boshladim. Haligacha koʻnglimda ana shu minnatdorlik hissi bor.

Botir Rahmatovich materialni koʻrib, juda mamnun boʻldi. Ishim unga yoqdi.

– Yashang! Endi qogʻoz-qalam olib, yozing. Mana bu joyida galstuk sal qiyshayib qopti, bunisida furajkani toʻgʻrilash kerak. Manavi yerga bunaqa kirib borilmaydi, bu tomondan emas, narigi tarafdan…

Vazirning gaplarini yoza turib, kayfiyatim tusha boshladi. Video gazeta uchun yozilgan reportajmas-ku, besh daqiqada oʻzgartirib tashlasam. Qiyshaygan boʻyinbogʻni toʻgʻrilash uchun oʻsha lavhani boshqatdan tasvirga olish kerak. U paytlari MTRKda hech kim oʻzicha kamera ololmas, texnika jurnalistlarga jadval boʻyicha, navbati bilan berilardi. Olasan, qoʻl qoʻyasan, joyiga borib, tasvirga tushirib kelasan, xullas, oʻziga yarasha tartib-qoidasi bor. Keyin hamma materialni montajda yigʻib, render qilish kerak.

– Yozib oldingmi? Senga ertagacha muhlat.

Qanday ulgurganimni bilmayman-u, lekin epladim. Kechasi bilan uxlamadim. Ertalab tayyor qilib bordim.

– Barakalla! Faqat kecha manavi joyi esdan chiqibdi-da, shuniyam qoʻshib qoʻy, kechqurun koʻrsatasan.

Vaqt kechagidan ham kam. Oʻshanda hayotimda birinchi marta umuman iloji boʻlmagan ishni qilib, kechgacha topshiriqni bajardim.

– Ana endi hammasi joyida, – dedi vazir. – Efirga beraver!

Kulib yuboray dedim.

– Botir Rahmatovich, men televideniyeda kichkina odamman. MTRK raisi u yoqda tursin, muharrir ham gaplashib oʻtirmaydi men bilan. Uni hatto koʻrmayman ham. Lavha efirda ketishi uchun uning imzosi kerak.

– Yoʻgʻ-e? – astoydil hayron boʻldi vazir. – Mayli, shuyam muammomi?..