Allamjonov aybdor - страница 18

Шрифт
Интервал


Boshida ishimiz koʻzga koʻrinishi uchun oldin boʻlib oʻtgan voqealarni sahnalashtirib, tasvirga oldik. Xuddi kinolardagidek, «jarohatlangan» haydovchilarning yuziga qon oʻrniga ketchup surtilardi. Suv toshqinlari, yongʻinlarni oʻquv mashqlariga oʻxshatib uyushtirdik. FVV qanday ishlayotganini koʻrsatish uchun bu qahramonliklarni efirga berdik. Keyinchalik joylarga kamera bilan borib, favqulodda vaziyatlarni jonli tarzda suratga oladigan boʻldik.

Koʻrsatuv ommalashib, odamlar Qutqaruv xizmatining 050 raqamiga qoʻngʻiroq qila boshladi. Qutqaruvchilarning qoʻli qoʻliga tegmasdi: liftda qamalib qolganlar bormi, quduqqa tushib ketgan mushuk bormi…

Esimda, bir kishi «Jemchug»9 doʻkoni tepasidagi uyning toʻqqizinchi qavatidan oʻzini tashlamoqchi boʻlibdi. Turli xizmat vakillari yetib keldi, qutqaruvchilar uni zoʻrgʻa toʻxtatib qolishdi. «Odam hayotga bir marta keladi, hali hammasi zoʻr boʻladi», – deb yaxshi gapirib, xuddi Amerika kinolaridagidek rosa toʻrt soat nasihat qilishdi. Oxiri amallab koʻndirishdi. Pastga tushganida esa ketiga boplab tepib, soʻkib-soʻkib, oʻz joniga qasd qilgani uchun jinnixonaga yuborishdi. U shuncha odamning toʻrt soat vaqtini oʻgʻirladi!

Koʻpincha qutqaruvchilarni avariya boʻlgan joylarga, mashina ichida qolib ketgan odamlarni chiqarib olish uchun chaqirtirishar edi. Biz bu vaziyatlarni efirda koʻrsata boshladik. Orada DAN xodimlarining kamchiliklarini ham gapirib oʻtadigan boʻldik. U paytda FVVga vazir qilib Baxtiyor Subanov tayinlangan edi. Oldin Ichki Ishlar vaziri oʻrinbosari lavozimida DAN sohasini nazorat qilgan Subanov xuddi sobiq hamkasblaridan oʻch olayotgandek boʻlib qoldi.

Vazir Matbuot xizmati boshligʻi lavozimiga oʻzining odamini qoʻydi. Yangi rahbarim menga efirda oʻlim holatlarini koʻrsatishni va IIVni tanqid qilishni taqiqladi.

Men esa «xoʻp» deb, baribir oʻz bilganimdan qolmadim. Nimani lozim topsam, efirga beraverdim. Bu IIV vaziri Almatovga tegib ketibdi. «Sening koʻrsatuvlaringni deb, IIVning boshida kaltak sindi, Prezident apparatidan gap eshitishdi», – deyishardi menga. Toshkent shahar IIBga Allamjonovning ovozini oʻchirish buyurildi. «IIBdagilar choʻntagingga nasha tashlab qoʻyib, qamatmoqchi», – degan gap qulogʻimga yetib keldi. Odatda yaxshilikcha koʻnmaydiganlarni shunday jazolashardi.