Oyimni savolga tutaman. Ular ham buvim nega bunday deganlarini bilmaydilar.
Mana endi, oradan oʻttiz yildan koʻproq vaqt oʻtib, OʻzMAA1 binosining xolida turibman. Ministr boʻlib. Oʻzbekiston Мatbuot va axborot agentligining direktori maqomiga koʻra vazir hisoblanadi. Kattagina binoning birinchi qavati. Devor, shiftlari toʻkilay deydi, pollari chirib yotibdi, hamma yoq vayrona, chiqindi. Hatto vazirning, yaʼni mening xonamdan kanalizatsiyaning badboʻy hidi anqiydi. Stalin davridan qolgan bu eski imorat oxirgi marta qachon taʼmirlanganini birov eslolmaydi.
Binodagi besh yuzdan ortiq xonaning deyarli hammasini ijarachilar egallab olgan. Xotin-qizlar qoʻmitasi, qaysidir partiyalar, qandaydir nashriyotlar, tadbirkorlar va yana kimlardir. Ichki hovlida mashinalar tiqilib ketgan. Hech kim menga ahamiyat bermaydi, odamlarning unisi u yoqqa, bunisi bu yoqqa oʻtib yuribdi. Ikkinchi qavatning chap qanotidagi kaftdek joy – mana shu OʻzMAA.
Meni jamoaga tanishtirish uchun Bosh vazir oʻrinbosari, Moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov keldi. Tanishtirdi-yu joʻnab ketdi. Majlislar zaliga tipografiyalarning yoshi oʻtib qolgan direktorlari, boshqarma boshliqlari yigʻilgan. Har biri bu tizimda salkam yarim asr – Sovet Ittifoqi davridan beri ishlab keladi. Oʻsha lahzada menga boʻlgan munosabatni aniq his qildim: goʻyo xonaga yosh bola adashib kirib qolgan-u, buvisi mehr bilan: «Bolamni urishmanglar, u vazir boʻladi», deyayotgandek. Xonadagilar menga parvo qilmay, oʻzaro gaplashib oʻtirishibdi. Eshikdan kirib kelgan yoshgina koʻzoynakli yigitchaga eʼtibor qaratgandan koʻra, yonidagi obroʻli hamkasbining suhbati muhimroq ular uchun.
Maosh tarqatish vaqti kelib qolgan, OʻzMAA hisob raqamida esa 18 million soʻm pul bor edi. Bosh buxgalterni chaqirtirdim. Nima qilamiz? Pul qani? Qanday ishlardinglar oʻzi?
– Xavotir olmang, Komil Ismoilovich, tipografiyalar bizga oborotidan 2% oʻtkazsa, maoshni yopamiz.
Bu haqda toʻliqroq maʼlumot berishni soʻrab, oʻzim uchun qiziq narsalarni bilib oldim. Toʻgʻri, tizimdagi hamma tashkilotlar OʻzMAAga boʻysunadi. Yaʼni mantiqan olganda, ular bosh idoraga gap-soʻzsiz mablagʻ oʻtkazishi shart. Ammo hech qachon bunday boʻlmagan. Bosh hisobchi har oy xodimlarga maosh toʻlash vaqti kelganda: «Iltimos, bizga mablagʻ oʻtkazib bering», – deb yalinishga tushadi. Va har gal: «Imkon tugʻilsa, beramiz. Boʻlganda olasizlar», – degan kibrli javobni eshitadi.