Qisqasi, qilgan ishim uchun taʼzirimni yedim, meni kechirishmadi. Ustimdan nimalardir toʻqib, tuhmat qilishdi. Shunchalik bemaʼni bahona oʻylab topishdiki, hozir aniq nima gap boʻlganini eslolmayman ham. Toʻqqiz yil deganda Parpiyev majlisda birinchi marta hammaning oldida rosmana poʻstagimni qoqdi. Men esa oʻzimni oqlay olmadim. Hammasini miq etmay eshitib turdim. Endi bu yerda ishlolmasligim aniq edi.
Chiroyli ketmoqchi boʻldim. Oradan toʻqqiz yil oʻtgan boʻlsa ham, bu inson salomimga «vaaleykum» deb alik olganini, menga bir yugurdak emas, odam deb muomala qilganini esimdan chiqarmagandim. oldiga kelib, gaplashib olmoqchi ekanimni bildirdim.
– Mayli, kelsin, – debdi Botir Rahmatovich.
Ertasi kuni Parpiyevning oldiga kirib, oʻzimning biznesimni boshlash uchun ketmoqchiligimni aytdim.
– Xafa boʻldingmi?
– Yoʻgʻ-e, nega unaqa deysiz? Nimaga xafa boʻlishim kerak?
– Xafa boʻlibsan… – dedi general. – Koʻrib turibman-ku. Mayli, arizangni yoz. Omadingni bersin.
Men ketdim, lekin intizomga oʻrgatgani, bergan saboqlari uchun Botir Rahmatovichdan haligacha minnatdorman. U menga doim zarbaga tayyor boʻlib, uni qaytarishni, eng asosiysi, iloji yoʻq narsaning oʻzi yoʻqligini oʻrgatdi. Xohlasak, hamma narsaga erisha olarkanmiz. Bunday olganda, u meni rostdan ham oʻz jiyanidek tarbiyaladi.
Shunday odamning «jiyani» degan yuksak nomga dogʻ tushirmadim, deb oʻylayman.
Men oʻz biznesimni boshlab, birinchi millionimni ishlab topdim. Bolaligimdan pul topishga harakat qilardim. Afsus, rejalarim doim ham oʻxshayvermasdi.
1 MTRK – Milliy teleradiokompaniya.
2 «DAVR» – MTRK «Yoshlar» telekanalining axborot dasturlari tahririyati.
3 FVV – Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi.
4 Abdusaid Koʻchimov – oʻzbek jurnalisti, 1997-2005-yillarda Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi raisi.
5 «Beruniy» – Toshkent metropoliteni Oʻzbekiston yoʻnalishining oxirgi bekati.
6 Qoraqamish – Toshkentning Olmazor tumanidagi mavze.
7 ToshDU – Toshkent davlat universiteti. 2000-yil yanvardan Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti.
8 Uzmetronom – Oʻzbekistondagi mustaqil sayt. 2020-yilning may oyigacha blokda boʻlgan.
9 «Jemchug» – Toshkent shahridagi mashhur «Jemchug» (marvarid) doʻkoni joylashgan, koʻpqavatli tajribaviy loyihalangan uy.