1998-1999-yillar
Gimnaziyada prokurorlar, deputatlarning bolalari bilan oʻqiganman. Doim atrofdagilarga birovdan kam emasligimni isbotlashga majbur edim. Toʻgʻri, men u yerga porasiz, hech qanday qoʻngʻiroqsiz, oʻz bilimim bilan kirganman. Toʻgʻri, ota-onam oddiy odamlar. Lekin menga past nazar bilan qarashlariga yoʻl qoʻymasdim. Gimnaziya direktorining: «Allamjonov, yaxshi oʻqi. Seni «kontrakt»da oʻqitishga ota-onangning baribir qurbi yetmaydi», – degan gapi ayniqsa yomon tegib ketgan. Hammaning oldida kamsitgani uchun yap-yangi «Moskvich»ining gʻildiragini teshib, oʻchimni olganman.
«Fun boys» guruhi konsertidan soʻng sinfdoshlarim davrasida.
Sinfdoshlarimning menga munosabati yomon emas edi. Ayniqsa, «Fun boys» guruhini tashkil qilib, konsert qoʻya boshlaganimizdan keyin yana ham yaqin boʻlib qoldik. Men loyiha rejissori edim. Tomoshalarimizda ustozlarning ustidan ham kulardik. Hammasining emas, albatta. Bizningcha, yaxshi oʻqita olmaydigan, zolim va poraxoʻr oʻqituvchilarni masxara qilardik.
«Ikki yarim» laqabli oʻqituvchimizni yaxshi eslayman. Uy vazifasini qanchalik yaxshi tayyorlab kelmaylik, ikki yarim baho qoʻyardi. Bunaqa bahoning oʻzi yoʻq-ku, oʻquvchilarni yerga urish uchun shuni oʻylab topgan. Konsertimizda «u» sahnaga chiqib olib: «Men fizika oʻqituvchisiman, ismim Muxtazar, mana qirq yildan beri erga tegolmayapman», – derdi.
Shunaqa. Hech kimni ayamas edik. Konsertdan keyin direktor meni xonasiga chaqirtirib, bunday «ssenariylar» uchun poʻstagimni qoqardi. Indamay boshimni egib turar, lekin konsertlarni toʻxtatmasdim.
Boshida chiptalar tekin edi. Keyin oʻylab qoldim. Biz dastur, har bitta sahna, musiqa ustida yotvolib ishlayotgan boʻlsak, tomoshabinlarga yoqayotgan boʻlsa, nima uchun konsert tekin boʻlishi kerak?
Tashkiliy ishlarga, chipta, afishalar tayyorlashga pul tikish kerak. Oyimning oldilariga keldim. Ular: «Adangdan soʻrab koʻr», – dedilar. Ammo men otamdan choʻchirdim, ayniqsa, bu pulni nimaga ishlatmoqchi ekanimni aytishga qoʻrqdim. Onam menga har doim ishonganlar. Yigʻib-tergan oʻn ming soʻmlarini qoʻlimga berdilar.
Chipta sotib oʻtirishni oʻrtoqlarimga topshirdim. Hech qaysisi pul soʻrab ota-onasini bezovta qilmadi. Bu tashkilotchining, yaʼni mening bosh ogʻrigʻim edi. Ota-onam meni qoʻllab-quvvatladi.