Baribir konsert chiroyli oʻtdi. Shu sakkiz yuz kishilik tadbirni oʻtkaza olganimiz ham bir omad, deb oʻylayman. Yaratganning qoʻllagani bu. Agar qoʻshiqchilar kelmaganida, bilmadim nima boʻlardi, sahnaga oʻzim chiqib ketarmidim…
Bizning yoshligimizda biznes qilish bir avantyura, gʻirt tavakkalchilik edi. Hozir boʻlajak tadbirkorlarga aniq, har tomonlama puxta biznes-reja tuzishni, pul bilan imkoniyatlarni chamalashni, bozor va raqobatchilar ishini tahlil qilishni oʻrgatishadi. U paytda esa biz ishni oldi-orqamizga qaramay boshlab yuborardik. Tayinli bir rejaning oʻzi boʻlmasdi. Xuddi eshkaksiz qayiqqa oʻtirib olib, oqim qaysi tomonga olib ketsa, manzilimiz shu ekan, deb ketayotgan sayohatchilarga oʻxshardik. Pul topish uchun nima qilish kerakligini keyinroq tushuna boshladim. «Soliq-info» loyihasi ana shunday paydo boʻldi.
1 «Radio Peydj Semurg» – peyjing kompaniyasi.
IV
Soliq-info
Karimov davrida hamma muharririni taniydigan, ismini biladigan yagona mustaqil sayt «Uzmetronom» edi. Biz har kuni proksi serverlar orqali kirib, Sergey Yejkovning «Tahririyatga xatlar» deb taqdim etadigan insayder yangiliklarini oʻqirdik. Ammo men oʻshandayoq bu maqolalarning soʻz erkinligiga umuman aloqasi yoʻqligi, shunchaki oʻch olish quroli ekanligini tushunganman.
Karimovning qabuliga kirmoqchi boʻlganlarga arzirli sabab kerak edi. Shuning uchun «Uzmetronom» xabarlarini qogʻozga chiqarib, «Matbuotda mana nimalar berilyapti…» degan bahona bilan kirishardi. «Matbuot» esa kimga buyurtma tushsa, oʻshaning ustidan magʻzava agʻdarardi. Mening familiyam bu saytning doimiy «bezagi» boʻlgan. Sergey Aleksandrovich qoʻygan har bir qadamim haqida maʼlumot berardi va xabarni chiroyli badiiy toʻqimalar bilan qorishtirishni boplardi. Maqolalarini qoyilmaqom qilib yozardi-yu, lekin faktlari ancha boʻsh boʻlardi. Gapi ishonarli chiqishi uchun oz-moz haqiqat ham aralashtirib qoʻyardi, albatta.
Meni «Parpiyevning jiyani»ga chiqargan va bor yutuqlarimni (buni koʻproq muvaffaqiyatsizlik degan boʻlardim) qarindosh-urugʻchilikka yoʻygan aynan shu odam boʻladi.
U «Soliq-info»ga majburiy obuna uyushtirilganini qoralab maqola yozgan va tagida shunday izoh qoldirgan edi: «Yurtimizda «Soliq va bojxona xabarlari» gazetasi bor-ku, yana bitta gazetaga nima hojat?» Muallif faqat bir masalaga aniqlik kiritishni unutgandi. «SBX» – xususiy nashr. Bu gazeta ham u paytga kelib, xoʻjalik hisobiga oʻtgan «Pravda Vostoka», «Xalq soʻzi», «Postda» va boshqa barcha davlat nashrlari kabi majburiy obuna hisobiga kun koʻrardi. Respublikaning deyarli 99% nashri majburiy obuna orqali tarqatilardi. «Soliq-info» ulardan biri edi, xolos. Lekin hamma «olqishlar» faqat mening boshimga yogʻildi. Vaholanki, men qonunni buzmagandim. Qolgan nashrlarning egalari bir chekkada muloyimgina boʻlib turishdi. Oʻsha davrda holat bunday edi: senzura kuchli, soʻz erkinligi yoʻq, gazetalar oʻqishli emas, hech kim sotib olmaydi. Lekin barcha nashrlarning yopilib ketishiga ham yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Shuning uchun davlat oʻzi bosh-qosh boʻlib, deyarli barcha gazetalarga obunani tashkil qilib berardi.