Yoʻlimizga toʻgʻanoq boʻlayotganlarning ildizini quritish kerak edi. Aks holda, ular ishlashga xalaqit berishlari, ustimdan yumaloq xatlar yozib, oyogʻimdan chalishga harakat qilishlari aniq. Lavozimida qolganlarga har qanday qoidabuzarlik va sabotaj uchun albatta javobgarlikka tortishimni tushuntirib qoʻydim. Yoshi yoki koʻrsatgan xizmatlariga qaramay, hech kimni ayab oʻtirmaymiz, aybdor jazosini oladi.
Moliyaviy tekshiruv OʻzMAAga qarashli «Oʻzbekiston» nashriyoti zararga ishlayotganini koʻrsatdi. Vaholanki, davlat buyurtmalaridan hisob raqamiga milliardlab soʻm tushib turardi. Vaziyatni oʻrganib, tashkilot balansida sohaga aloqasi boʻlmagan qandaydir aktivlar, binolar borligi va ulardan foydalanish uchun juda katta mablagʻ sarflanishini aniqladik.
Eng koʻpxarj bino «Oʻzbekiston» nashriyoti qoshidagi yotoqxona ekan. Xodimlar u yerda oʻn yillab, avlod-avlodi bilan yashaydi. Bino nashriyot balansida. Lekin ular doim ijara haqi toʻlab kelgan.
Yuristlarga masalani oʻrganib, qonuniy yechimini topish boʻyicha topshiriq berdim. Har bir oila ijara xonadonini oʻz nomiga rasmiylashtirsin, yotoqxonada emas, shaxsiy uyida yashasin, dedim. Yechim topildi. Shuncha yil ijarada turgan ellikta oila boshpanali boʻldi.
Har bir xonadonga birma-bir kirib, bir piyola choy ustida mezbonlarni gapga soldim. «Uyni oʻz nomingizga rasmiylashtirishda muammo tugʻilmadimi? Hech kim hech narsa tama qilmadimi? Uyli boʻlish uchun kimningdir choʻntagiga pul solish kerak, degan gaplar boʻlmadimi?» Hammadan bir xil javob eshitdim: «Yoʻq, unaqasi boʻlmadi».
Bu bizning gʻalabamiz edi! Uy taqsimoti uchun javobgarlar, agar ortiqcha gap chiqsa, albatta qulogʻimga yetib kelishini bilib, bir tiyin ham undirishga harakat qilishmagan. Binoni taʼmirlab berishni boʻynimizga olgandik, vaʼdamizning ustidan chiqdik. Ishchilar hovlida katta dasturxon yozib, xudoyi qilishdi. Meniyam taklif etishdi. Soʻzga chiqib, bu uylar yurtimiz Prezidenti hamda Agentlik tomonidan taqdim etilayotgani, hujjatlar qonuniy rasmiylashtirilgani va mendan keyin ham ishchilardan uyni hech kim tortib ololmasligini aytdim. Kimdir xursandchiligini ichiga sigʻdirolmay yigʻlagan, kimdir kulgan, hammaning koʻzi chaqnab turibdi, xullas, esdan chiqmaydigan kun boʻldi.
Prezident siyosatining asosi ham odamlar turmushini yaxshilashdir. Men esa komandaning bir aʼzosi sifatida shu ishga ozgina boʻlsa ham hissam qoʻshilganidan mamnun edim.