Ko‘rsatilgan maydondan bizning batareyamiz uchun ajratilgan joyni komandirimiz buyrug‘iga ko‘ra, yuk mashinasi bilan bir-ikki bostirib chiqqandan so‘ng, joylashib oldik. Yengillashib kelish maqsadida pana joy izlab, “razvedka” qila boshladim. Yigirma-o‘ttiz qadamlar narida tikanli sim tortilgan, uning narigi tarafida harbiy qism zambaraklarining biz tomonga yo‘naltirilgan stvollari yurakka vahima solib ko‘rinib turardi. Tikanzorni oralab, qulay joy izlagan ko‘yi o‘n-o‘n besh qadam yurdim. Menga ovloqroq ko‘ringan, atrofi tikanaklar bilan to‘silgan chuqurlikka ko‘zim tushdi. Chuqurlikka tomon hali bir qadam ham qo‘yib ulgurmasimdan “To‘xta, u yoqqa borma”, -deb sof o‘zbek tilida aytilgan ovoz meni to‘xtatib qo‘ydi. Kimdir menga hazillashayapti shekilli, degan o‘yda, atrofga alanglab hech kimni ko‘rmadim, shunday bo‘lsa-da “qulay joy”dan voz kechib, chap tarafga uch-to‘rt qadam yurib joylashib o‘tirdim…
Bir-ikki daqiqa o‘tar-o‘tmas quloqlar tom bitgudek qattiq gumburlash eshitilib, ustimdan kimdir chelaklab tuproq sochayotgandek bo‘ldi. Bir muddat hech narsani eshitmagan ko‘yi o‘ylay boshladim: “Zambaraklarni ham shu paytda otishadimi, a, zang‘arlar? Yo‘q, shoshma, zambaraklardan biznikilar otishgan bo‘lsa, unda ustimga tuproq qayoqdan sochildi?! Yo‘q, hoynahoy bu dushman snaryadidir…?” Shu kabi javobsiz savollar tinimsiz miyamda charx urar, lekin jo‘yali bir to‘xtamga kelolmasdim. Qancha muddat shu holatda o‘tirdim – bir daqiqami yoki bir necha soniyami, buni ham bilmayman.
Boshqa portlash bo‘lmadi, chang bosilib, atrof ko‘rina boshlagach, qulog‘imga qanaqadir ovozlar elas-elas eshitila boshladi. Ammo bu ovozlar ichidan faqat “mama, mamochka” degan so‘zlargina boshqalariga nisbatan aniqroq va balandroq eshitilardi.
Ust-boshimni qoqqancha o‘rnimdan turdim. Safdoshlarim bezovta, sarosimaga tushib qolishgan, hammasi negadir men tomonga qarab turardi.
–To‘xta, joyingdan qimirlama! –uzoqdan menga berilgan ko‘rsatmani bajarishdan o‘zga ilojim yo‘q edi.
Atrofga alangladim, zambaraklar yonida hech kim ko‘rinmas, ular otishmagani aniq; qiziq, bu nima edi?
Shunda… Yonginamdagi boyagi “qulay joy” o‘rnida hosil bo‘lgan o‘raga ko‘zim tushdi. Undan sal narida qonga belangancha bir askar dodlab yotardi. Uning ahvolini tasvirlashga tilim ojiz…