Plats to‘g‘risida so‘z ketganda, yana bir katta kamchiligimiz haqida ham aytib o‘tsam. Bu – biz afg‘onda yo‘l qo‘yganimiz, juda katta isrofgarchiligimiz xususida: platsda ko‘zni yumib yerni paypaslab izlasangiz ham (bu lof emas) hech bo‘lmasa bir dona patron topishingiz mumkin edi. Oddiy gilza emas, haqiqiy jangovar patron! Endi platsdaki ahvol shu bo‘lsa, chekka joylarda va axlatxonalarda vaziyat qandayligini tasavvur qilib olavering.
Postda turganimizda ham avtomatlarimiz o‘qdonini to‘ldirish maqsadida jangovar o‘qlar saqlanadigan maxsus qutini ochib, ichidagi ikkita germetik yopilgan qutilardan birini olib, qopqog‘ini bir azobda ochgach, undan ishlatganimiz to‘rt-besh qadoq (qog‘oz o‘ram)dagi patron bo‘lar, qolgani esa xuddi “sarqit”day tashlab yuborilardi. Shu sababli qismimiz axlatxonasida har xil o‘q-dorilar – jangovar patrondan tortib, reaktiv snaryadlargacha to‘lib-toshib yotardi. Endi, qaerdaki axlatxona bo‘lsa, o‘sha yerda yong‘in bo‘lib turishini ham bilamiz. Bunda axlatxona haqiqiy jang maydoniga aylanib ketardi. U yerga bir necha yuz metrgacha yaqinlashish – hayot uchun xavfli edi. O‘t olib havoga ko‘tarilgan reaktiv snaryadi qism markaziga kelib tushgan holatlar ham bo‘lgan.
Bular yo‘l qo‘yilgan “isrofgarchilik”larning kichikkina bir qismi, xolos. Harbiy amaliyotlar vaqtida chiqitga chiqadigan harbiy mashinalar-u jangovar texnikalar, vertolyot-u samolyotlar haqida gapirmasa ham bo‘ladi.
Bularni yozishimdan asosiy maqsad, isrofgarchiliklar natijasida axlatga tashlanib yong‘in oqibatida otilgan har bir jangovar o‘q yoki snaryadlarning o‘tkir tig‘li parchalari bir yoki bir necha jonga qasd qilishi mumkinligini fikr qilsak, Afg‘on urushidagi holat bebosh va besaranjomligi bilan, inson qadrini, yosh yigitlar umrini bir chaqaga qimmat qilib qo‘ygan, mash’um kunlarni opichlagan dahshatning o‘zi edi.
Sevgi mojarosi
Bahor kelib kunlar ancha isigan vaqtda, Jalolobod atrofida o‘tkazilishi mo‘ljallangan, “Qoratog‘” amaliyotiga borishimiz aniq bo‘lib qoldi. Balushkin yig‘ilish o‘tkazib, kimlar borishini aniqlamoqchi bo‘lganda, endi men ham “ men boray, men boray”chilar qatoriga qo‘shilib bo‘lgandim. G‘azna, Vardakdagi harbiy harakatlar chog‘ida aloqada rus tili talaffuzini buzib so‘zlagan bo‘lsam-da, men komandirlarning talablariga mos kelib, ularning “o‘z” odamlariga aylanib ulgurdim, shekilli, keyingi janglardan birortasini ham qoldirmasdan, to “dembel”gacha amaliyotga boradiganlar ro‘yxatining eng boshida turardim.