Bizga notanish harbiy qism yonboshidagi yam- yashil qirga joylashdik. O‘tkir bilan To‘ra ikkalasi Jalolobodga tushganligini aniq bilaman, lekin “qaerdan surishtirsam ularni” degan o‘y bilan o‘sha qismdagi askarlardan so‘roqlay boshladim, lekin biror kimsa ham “ularni taniyman” demas edi. Surishtirish asnosida bu yerda bir emas, balki bir nechta harbiy qism borligini bilib oldim. Lekin, surishtirish ishlari natija bermasdan burun “Qoratog‘” amaliyotiga jo‘nab ketdik. Shahardan sharq tomonga yo‘nalgan, Pokistonning Peshovar shahriga olib boradigan yo‘ldan taxminan o‘ttiz chaqirimlar yurganimizdan so‘ng o‘ng tarafga dala yo‘llari orqali harakatimizni davom ettirdik.
Qoratog‘ deganlari shu bo‘lsa kerakki, yo‘lning avval chap, keyinroq o‘ng tarafidan boshlangan tog‘lar tobora balandlashib borar, ayrim cho‘qqilarning rangi ham qoramtir bo‘lib ko‘rinardi.
“Xudo bersa quliga- chiqarib qo‘yar yo‘liga” deganlaridek, O‘tkir bilan To‘ra ham shu amaliyotga qatnashayotganligini tasodifan bilib qoldim. Lekin bu yirik masshtabli, armiya miqyosidagi amaliyot o‘tkazilayotgan hududdan ularni izlash- somon orasidan igna qidirish bilan barobar edi. Xuddi shu jangda O‘tkir yaralangan, To‘ra esa u yerdan qaytganidan so‘ng o‘tkazilgan amaliyotda minaga tushib bir oyog‘idan ajralganligi haqidagi xabarni esa yetti oydan so‘ng, O‘tkir bilan Gardezda uchrashganimizda uning o‘zidan eshitdim, xolos.
Qoratog‘ tomonga ancha yurganimizdan so‘ng, bir qishloq ko‘zga tashlangach, yalanglikda to‘xtab, joylashishga ham ulgurmasimizdan bizni o‘qqa tutib qolishdi. Qaysi tarafdan otishganini aniqlaymiz deguncha to‘pchilarimizdan ikkitasi yarador bo‘ldi.
Qishloq chetidagi uy tomiga oq bayroq tikilgan, tirik jon ko‘rinmaydi. Qiziq, qaerdan otishyapti ?
–Topdim!, – deya qichqirdi leytenant Monich, – qishloqdan o‘ng tarafdagi “zelyonka”dan!
To‘pchilarimiz o‘zlarini o‘nglab, zambaraklarini otishga shaylab olishlari uchun imkon yaratib berishimiz, ularni to‘sib turishimiz kerak bo‘lardi. BMP lar oldinga o‘tib daraxtzorga o‘q yog‘dira boshladi.
Aloqaga chiqqan “Birinchi” bergan ma’lumotlarni Monichga yetkazdim. Ma’lumotlar bo‘yicha sozlangan to‘p stvollari esa, qishloq tomonga emas, umuman boshqa tarafga yo‘nalgandi.
“Odin dimovim, ogon!”. Uning ortidan esa sal o‘tib, “Zalpom ogon!” buyrug‘ini leytenant Monichga yetkazdim. To‘pchilarimizning qo‘li qo‘liga tegmas, atrof chang to‘zon, baqir-chaqir bo‘lib turgan bir paytda, ustimizga snaryadlar tusha boshladi.