–Ya, -deb o‘rnimdan turdim.
Qarshimda chiroyli formasi o‘ziga yarashgan desantchi kapitan turardi .
–Ti so mnoy poletish, bud zdes, -dediyu orqasiga burilib ketdi.
–Ilyos, sen desantga tushding, qoyil, -dedi To‘ra ko‘zlari yonib.
Yana bir ofitser biz tomon kela boshladi:
–Rahmatov, Zoidov!
–Ya.
–Ya.
To‘ra bilan O‘tkir sakrab turishdi.
–Vi oboi so mnoyu v Djelalabad, ponyatno?
–Tak tochno!
Ofitser ketgandan so‘ng ular ikkalasi yana joylashib o‘tirib olishdi.
O‘rtaga yana og‘ir sukunat cho‘kib, bir-birimizga horg‘in nigoh-la termula boshladik. Mash’um taqdir biz vatandoshlarni shu tariqa har tarafga sochib, bir-birimizdan ajratayotgandi!
Bu juda og‘ir edi! Chunki besh oy mobaynida ona Vatandan uzoqda, yana qaerda deng, – Sibirda, biz go‘yo bir tanu bir jon bo‘lib bir-birimizga o‘rganib qolgandik. Lekin na iloj, odamzot bundan battariga ham chidaydi.
Shu tariqa unsiz xayrlasha boshladik…
Kech kuzning kunlari qisqa bo‘ladi, haligina tepamizda turgan quyosh zarrin nurlarini so‘ndirgancha tog‘lar ortiga berkindi. Etni junjiktiradigan salqin shabada boshlandi.
Qorong‘ulik tushishi bilan aerodromda jonlanish sezilib, vertolyotlar ovozi eshitila boshladi.
Birinchi bo‘lib qarshilik To‘raev Husan bilan ukrainalik Sergey Sobachkinni G‘azna shahriga, ulardan keyin qamashilik G‘afforov Ravshan bilan kosonlik Pirnazarov G‘oliblarni Bagramga jo‘natishgandan so‘ng, meni chaqirib olishdi.
Kapitan bilan birga yetti kishi MI-8 vertolyotiga chiqdik. Quloqni kar qilgudek varillab o‘rnidan og‘ir qo‘zg‘algan vertolyot aerodrom ustidan aylanganicha yengilgina ko‘kka ko‘tarildi. Bir necha marta aylanib, ma’lum balandlikka ko‘tarilgandan so‘ng pastda son-sanoqsiz chiroqlari ko‘rinib turgan Kobul shahrini ortda qoldirib noma’lum tarafga uchib ketdik.
Zim-ziyo qorong‘ulik qa’rida bir soatga yaqin uchdik. Vertolyot chap tarafga burilib pastlashni boshlagandagina pastda bir chiziqda qo‘shqator bo‘lib miltillab turgan chiroqlar ko‘rindi. Bu qo‘nish maydonchasi edi!
Vertolyot to‘satdan pastga tomon shunday tezlik bilan sho‘ng‘idiki, azbaroyi butun vujudim bosh qismimda yig‘ilib qolganday bir zum ruhiy holatimni boshqarolmay qoldim. Nihoyat qo‘ndik…
Biz o‘tirgan yuk mashinasi katta chiroqlarini yoqmasdan yarim soatlar chamasi o‘rmalagancha soylikka tushgach to‘xtadi. Bizga joylashish buyurilgan palatkaga kirgach yorug‘likdan ko‘zlarim qamashib ketdi.