Lanj boʻlib oʻtiribman, koʻzlar kirtaygan, qovoqlarim shishib ketgan. Qoʻmita raisining gaplari qulogʻimga bir kirib, bir kirmaydi. Qarasam, har gapida oʻrinbosariga murojaat qilyapti. U-bu taklif berib, keyin Gadoyevning fikrini soʻraydi. Gadoyev odob bilan, chiroyli qilib gʻoyani puchga chiqaradi.
Shu payt kutilmaganda Parpiyev stolga bir musht tushirdi. Choynak-piyolalar uchib ketdi, hammaning koʻzi moshday ochildi.
– Erkin Fayziyevich, siz meni ahmoq deb oʻylayapsizmi? Nima topshirsam, «yoʻq» deysiz! Takliflarimni yoʻqqa chiqaryapsiz, barcha islohotlarimga toʻsqinlik qilyapsiz!
Rais jahl bilan oʻrnidan turgan edi, stuli bir chekkaga uchib ketdi. Qoʻlidagi qalam chirsillab sindi, uniyam uloqtirib yubordi. Hammaning oʻtakasi yorilib, zal jimjit boʻlib qoldi.
– Mana, Allamjonovni olaylik! – vazir zalga qarab, meni topdi. Oʻtirgan joyimga yopishib qoldim, birdan hojatga borgim kepqoldi. – Men unga kitob chiqarishni topshirgandim, siz esa haydab solibsiz. Nega bu kitob kerakmas, dedingiz?
– Men unaqa demadim, unaqa deganim yoʻq… – oʻzini oqlamoqchi boʻldi Gadoyev. Uning qattiq qoʻrqib ketgani bilinib turardi.
Parpiyev koʻzoynagini yechib, stolning ustiga otib yubordi-da, zaldan chiqishda eshikni shunaqa qarsillatib yopdiki, devorda yoriq paydo boʻldi.
Men esa stulga yopishgancha ichkarida qolib ketdim. Gadoyev hammaga bir-bir koʻz tashlab, sekingina: «Majlis tugadi», – dedi. Yigʻilganlar jimgina tarqala boshladi.
Keyin u mening yonimga keldi.
– Bir daqiqaga mumkinmi? Kabineting qayerda edi?
Ikkovimiz xonamga kirdik. U savollari bilan meni burchakka tiradi:
– Senga nima yomonligim tegdi? Nega ustimdan shikoyat qilding?
Men jonimni qutqarish uchun, joyida ogʻzimga kelgan bahonani toʻqidim:
– Erkin Fayziyevich, Botir Rahmatovich soʻraganiga aytdim-da… Sizni «Kitob toʻrt kunda oʻxshamasa-chi», – deb kuyib-pishyaptilar, dedim… Falon gapiga piston deb javob berdim… Meni boshqacha tushunibdi…
Tabiiyki, Gadoyev aytganlarimga ishonmadi.
Uni qanchalik yomon ahvolga solganim bir necha daqiqadan keyin maʼlum boʻldi. «Hamma oʻz joyida oʻtirsin, hech kim hech qayoqqa chiqmasin» degan buyruq keldi. Oʻsha kuni yarim kechagacha hamma xonasidan chiqmay oʻtirdi. Rais esa qayoqqadir ketdi. Keyin bilsam, hech qayerga xabar chiqib ketmasligi uchun koʻrilgan chora ekan bu. Gadoyev oʻzining odamlarini, tanklari va artilleriyasini tortib kelishga ulgurmasin deb shunday qilinibdi.