Aytar so‘zlarim tugamasdan, “Men hozir”, -degancha sakrab turib chiqib ketgan Valeriy, zum o‘tmay, kim nima ish buyursa, og‘rinmay bajarib yuradigan, bo‘shang yosh askar Petrovni boshlab keldi.
“Boshqa odam qurib qolganmidi?” degan ma’noda tikilganimda, u yelka qisib qo‘ya qoldi.
Men ikkala ratsiyani ham bitta to‘lqinga sozlab, kichigini Valeriyning qo‘liga topshirgancha, unga tushuntira boshladim:
–Sen “Turist”, Petrov esa “Gid”. Tag‘in aloqada ismi-sharifingizni aytib yurmang. Yo‘lga tushishimiz aniq bo‘lgach aloqada faqat “Turist, orqaga qayt”degan so‘zlarni aytasan, tushundingmi, Petrov?
U boshini qimirlatgan ko‘yi, tushunganligini bildirdi.
–Shundan keyin, Valera, seni bir soat vaqting bo‘ladi.
–Tushundim, Ilya, senga rahmat, unutmayman, -deb ratsiyani qo‘yniga yashirganicha, shoshilib chiqib ketdi.
Petrovga yana bir marta uning “vazifasi” naqadar mas’uliyatli ekanligini tushuntirib, ratsiyadan foydalanish qoidalarini uqtirib, rosa qulog‘iga quyganimdan so‘nggina, unga “post ”ni topshirib, uxlashga yotdim…
Saharda uyg‘onib tashqariga chiqiboq, palatkamiz yonida terlab-pishib, changga botganicha o‘ra qaziyotgan Petrovga ko‘zim tushdi. O‘ra bir odam bo‘yi chuqurligida qazilgan bo‘lsa ham, u hansiragancha tuproqni boshi uzra uloqtirib, tinimsiz ishlardi.
“Hay-hay”lab to‘xtatib uni tergay boshladim.
–Senga nima bo‘ldi, esingni yedingmi? Bu o‘ra senga nega kerak? Kim buyurdi senga?
U savollarimga javob berib ulgurmasdan qo‘shni palatkadan yugurganicha Valeriy chiqib keldi.
–Qo‘yaver, kovlayversin. U bunga xizmat qilib erishdi. Meni ustimdan kulmoqchi bo‘lib, aldaganni jazosi – shu.
Nima voqea bo‘lganini sal-pal tushunganday bo‘ldim-u, lekin surishtirib o‘tirishga vaqt yo‘q. Chunki bu gaplar komandirning qulog‘iga yetsa bormi, men ham baloga qolishim aniq.
–Petrov, qo‘lingni ber, -deya uni chuqurdan chiqarib oldim va qo‘shimcha qildim:
–Tezda ko‘mib tashla o‘rani.
U ikkilanganicha, qo‘rqa-pisa, bir menga, bir Valeriyga qarab-qarab o‘rani ko‘ma boshladi.
–Meni qiyin ahvolga tushirib qo‘yishing mumkin edi, Valera, ha aytgancha, qani apparatlar?
Ratsiyalarni keltirib bergach, savolomuz nigohimdan ko‘zini olib qochgancha tushuntira boshladi:
–Ilya, bilasan, Valentinani sevaman. Uyga qaytgach albatta unga uylanaman. Bormasam bo‘lmasdi.