da o‘tkazadigan N. N. va K. N. lar bilan shunday ko‘ngilsizlik yuz berdiki, ular umrining oxirigacha ham o‘zini kechira olmasa kerak. Uyga qaytishiga besh-o‘n kun qolgan askarlarga ofitserlar ham ortiqcha topshiriq berib o‘tirmas, jangovar amaliyotlarga ham, imkon darajasida, jalb qilmaslikka harakat qilishardi. Ularning bu kabi ehtiyotkorliklarini suiiste’mol qilgan holda “bungal”dan panoh topgan N. N. va K. N. zerikib, vaqt o‘tkazish va “dembel”ni nishonlash maqsadida feyerverk uyushtirishgan. Lekin bu maqsadda ishlatiladigan raketachalar yo‘qligi aniq. Ixtiyorimizga beriladiganlari esa “jangovar” raketachalar edi. Ya’ni ular tunda yoritish uchun mo‘ljallangan –yorituvchi va signal berishda ishlatiladigan –qizil, yashil rangli olov chiqarib uchadigan raketachalar bor edi, xolos. Ularni ko‘p martalab ishlatib ko‘rganman, osmonga qaratib otsang, vizillab ikki-uch yuz metrlar yuqoriga chiqib boradi-yu, so‘ng chaqnab pastga sho‘ng‘ishni boshlaydi. Lekin bu bilan kimni ham lol qoldirarding…
Bosh qotirib o‘zicha “kashfiyot” qilgan N. N. yorituvchi raketani “Ochish mumkin emas” deb yozilgan qog‘ozini olib tashlab, trubka ichidan sug‘urib olingan kichik parashyutchani o‘rniga portlatishda ishlatiladigan detonatorni shunday joylab qo‘ydiki, porox kuchi bilan yuqoriga chiqib olgan raketacha yonib, parashyut yordamida sekin pastga tushish o‘rniga, o‘sha joyda portlab atrofga olovli tig‘larini sochishi, bu esa qorong‘u tunda feyerverk bo‘lib ko‘rinishi lozim edi. Nazariy jihatdan yaxshi o‘ylangan. Endi amalda sinab ko‘rish qoldi, xolos.
Ilk “namuna” tayyor bo‘ldi. N. N. uni iltifot bilan do‘stiga uzatdi. Sinov muvaffaqiyatli o‘tdi. Xuddi reja qilinganidek chiroyli olovli guldasta taqdim qilgan “namuna”dan so‘nggisi bir zumda tayyorlandi. Endigi otish navbati o‘ziniki. Chap qo‘lidagi raketachani boshi uzra ko‘tarib, o‘ng qo‘li bilan ilgagini tortishga shaylangan N. N. ikkinchi vzvoddagilar ham bu tomoshadan bebahra qolishlarini istamadi va g‘olibona qichqirdi:
– Qaranglar va havas qilinglar!
Ilgak tortildi. Lekin raketacha, vizillab ko‘kka o‘rlashdan, joyida yonishni afzal ko‘rdi. N. N. uni o‘zidan uzoqlashtirishga ulgurolmadi.
Qo‘lida portlagan raketacha uning chap qo‘l kaftini nimtalab tashladi. Yetmaganiga yuziga ham uch dona oskolka tegib yaraladi. Bekorchilikdagi “kashfiyot” qimmatga tushdi. Ular har qanday mahsulot ham zavoddan “brak” chiqishi mumkinligi ehtimolini hisobga olishmagandi.