– Bu nima qilganing, Jenya, axir bular bolalar-ku, – deya uning ko‘zlariga qaradim. Unda o‘z qilmishidan pushaymonlikni emas, balki dushmanidan o‘ch olgandek sovuq yiltillashni ko‘rib, etim jimirlab ketdi.
– Dushmanning bolasi ham dushman, -dedi sovuq iljayib.
– Juda xunuk ish qilding, bu javobsiz qolmaydi, – endi uning sovuq yuziga qaragim kelmas, unga qarshi aytolgan so‘zlarim faqat shu bo‘lgandi.
“O‘yin”ning oxirini ko‘rmagan bo‘lsam-da, u norasida bolaga qanchalik jiddiy jarohat yetkazganini tasavvur qila olardim. Bir necha oy burun, xizmati tugab, uyga qaytishiga bir-ikki hafta muddat qolgan bir askar postda turib, bekorchilikdan o‘zini chalg‘itish maqsadida granata zapalini o‘ynab qo‘lida ochib qo‘ygan holatini hali yodimdan chiqarganim yo‘q. Granata zapalining o‘zi uning o‘ng qo‘lini uzib ketgan, ustiga- ustak, kichik oskolkalari yuziga va ko‘ziga tekkandi.
O‘zlariga gap tegishidan qo‘rqqan boshliqlar uni “jang paytida qahramonlik ko‘rsatib qattiq yaralandi” qabilidagi soxta ma’lumotlar bilan mukofotga tavsiya qilib gospitalga jo‘natishgandi. “Zapal portlashi xavfli emas, granata qobig‘i bilan portlashi xavfli, ”-deb noto‘g‘ri tushungan bir yigit mayib-majruh bo‘lib uyiga qaytgandi.
Gardez shahri tinch aholi yashaydigan maskan hisoblanar, bundan bir necha yillar ilgari panadan qo‘rqinch bilan mo‘ralaydigan bolalar hozirda do‘stona “baxshish” so‘raydigan darajaga kelishgandi. Shu birgina nojo‘ya harakat qanchadan-qancha ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Tinchlik o‘rnatish niyatida kirgan qo‘shinning barcha harakatlari shu birgina bolalarcha “sho‘xlik” tufayli havoga sovurilishi mumkin edi. Ular “intiqom”ni uzoq kuttirishmadi: o‘sha kuni kechqurun shlagbaumda turgan soqchini otib ketishdi.
Vafoni sotish mumkinmi?!
Men uchun “dembel”gacha bo‘lgan masofa hali juda uzoq, “ded”lar tilidan aytadigan bo‘lsam “polzkom do Ameriki”, ya’ni, Amerikagacha emaklab borishga yetadigan vaqt bor edi.
“Ded”lar uyiga qaytadigan vaqti yaqinlashgani sayin muloyim tortib o‘zini avaylaydigan, bo‘lar bo‘lmas “sarguzashtbozlik”lardan o‘zlarini chetga tortadigan bo‘lib qolisharkan. “Avaylagan ko‘zga cho‘p tushar” deb bejiz aytilmagan.
Faqat tungi tekshiruvlardagina ko‘rinib, qolgan vaqtini ofitserlar kamdan-kam qadam ranjida qiladigan uchinchi vzvod hududidagi “bungal”