Arduino platformasi va elektron ijodkorlik. O’quv qo’llanma - страница 2

Шрифт
Интервал


Talabalar ma’ruza mavzusi bilan tanishgandan so‘ng, o‘quv qo‘llanmada keltirilgan kichik loyihalarni mustaqil bajarib ko‘radi. Loyihalarni bajarishda mustaqil programma yozadi yoki internet orqali murakkab loyihalar uchun kerak bo‘lgan dasturlar yuklab olinadi.

O’quv qo’llanmasidan talabalar, havaskorlar, o’qituvchilar va professionallar foydalanishlari mumkin.

KIRISH

Birinchi mikrokontrollerning yaratilishi mikroprotsessor texnikasining rivojlanishiga katta turtki bo‘ldi. Mikrokontrollerda ko‘plab sistema qurilmalari bo‘lganligi sababli, odatiy kompyuter deb qarash mumkin. Adabiyotlarda ularni bir krisstalli mikroEXM deb ataladi. Mikrokontrollerni odatiy kompyuter sifatida amaliy qo‘llashda bir qator qiyinchiliklar bor edi. Mikrokontrollerda qurilma yig‘ish uchun sxemotexnika asoslari, bironta jarayon uchun qurilma va ishlash prinsipini, assembler tilida programmalashtirish hamda elektron qurilmalarni tayyorlashni bilish kerak. Shu bilan birga programmatorlar, sozlash ishlari va boshqa yordamchi qurilmalar talab etiladi. Bu esa katta bilim va qimmatli qurilmalarsiz natijaga erishib bo‘lmas edi. Ko‘plab havaskorlar uchun mikrokontrollerni o‘z loyihalarida ishlatish imkoni yo‘q edi. Hozirda mikrokontroller asosidagi qurilmalarni paydo bo‘lishi natijasida, jiddiy material baza va maxsus fanlar bo‘yicha bilimga ega bo‘lmasdan ham loyihalar yaratilish imkoni yuzaga keldi.

Bunga misol qilib, Italiyalik ixtirochilar tomonidan loyihalangan Arduino platformasini olish mumkin.

Arduino va uning klonlari tayyor elektron blok va programma ta’minotidan iborat bo‘lgan to‘plamdan iborat. Elektron blok – Arduino ishlashi uchun mikrokontroller o‘rnatilgan pechat platasi va minimum elementlardan tashkil topgan.

Arduinoning elektron bloki hozirgi zamonaviy kompyuterning «Ona» platasini analogi hisoblanadi. Unda tashqi qurilmalarni ulash uchun uyachalar (razyomlar) va mikrokontrollerni programmalashtirish uchun kompyuter bilan bog‘lovchi ulovchi USB kabel mavjud.

Atmel firmasi tomonidan chiqarilgan ATmega mikrokontrolleri maxsus programmalar talab qilmasdan programmalashtiriladi. Yangi elektron qurilmani yaratish uchun Arduino platasi, ulovchi kabel va kompyuter talab qilinadi. Loyihaning ikkinchi qismida boshqariluvchi programmani hosil qilish uchun, programmalashtirish ta’minoti zarur. U o‘zida oddiy ishlab chiqish muhiti va mikrokontrollerni С++ variantidagi programmalashtirish tili birlashtirgan. Unga programmalarni yaratishda apparat qismini o‘rganish zarur bo‘lmagan elementlar qo‘shilgan. Arduino bilan ishlash uchun С++ programmalashtirish asoslari bo‘yicha bilimga ega bo‘lish talab etiladi. Arduinoda turli qurilmalarni ishlatish uchun, kodlardan tashkil topgan, ko‘plab kutubxonalar mavjud.