Shu o‘rinda bir gapni aytay, ulug‘ ustozimiz O‘tkir Hoshimov “Tushda kechgan umrlar” romanini yozguncha yuzlab “afg‘onchi”lar bilan gaplashgandilar. Hatto menga ham romanning qo‘lyozmasini o‘qib chiqishga bergandilar. Asarda tasvirlangan har bir voqea, har bir detal haqida o‘sha yoqda bo‘lib qaytgan jangchilardan qayta-qayta so‘rab, ishonch hosil qilgach, nashrga bergandilar. Shunday ulkan yozuvchi bu mavzuda yozish osonmasligi, urush haqida yozayotib xato qilish urushda xato qilgandan ham yomon ekanligini his qilgandilar. Shuning uchun ham u kishining romani inson qalbi og‘riqlari, urush azoblarini mukammal ifoda etgan asarlar sirasiga kiradi.
Ilyosxon, qadrdonim! Siz bu qo‘lyozmangizni bemalol kitob qiling. Ishonaman, barcha quroldoshlarimizning xotirasida ko‘p voqealar qayta jonlanadi, balki bu biroz og‘riqli kechar. Lekin, afg‘on urushi ishtirokchisi bo‘lgan 18-20 yoshdagi yigitlarning, urushning har bir kunida umri o‘n yilga uzaygan, shu yoshida keksayib qolgan, urushdan qarib-qartayib, bu hayotda tiriklikning o‘zi bir ne’mat ekanligini his qilib qaytgan va bugun ham shunday o‘y bilan yashayotgan qismatdoshlaringizning qalbiga taskin bo‘lsa ne ajab.
Men qo‘lyozmadagi voqea-hodisalarni sharhlab, gapni maydalab o‘tirmadim. Munaqqid emasman, yozuvchiman. Yozuvchi sifatida aytamanki, kitobingiz o‘z o‘quvchisini topadi. Nasib qilsa, uni birinchi bo‘lib o‘zim sotib olaman. Omon bo‘ling!
Hurmat bilan,
Qo‘chqor NORQOBIL
Ushbu kitobni padari buzrukvorim G‘iyos hoji Abduazizxon o‘g‘li xotiralariga hamda ayajonim Sagida hoji Abdulhaq qiziga bag‘ishlayman.
Muallif
730 kun. Afg‘oniston
Muqaddima. Safarbarlik
Alloh tomonidan insonga berilgan eng ulug‘ ne’mat nima ekanligi haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Yo‘qmi?! Men esa bu haqda bosh qotirib ko‘rganman. To‘g‘rirog‘i, qatnashish qismatimda bitilgan “Afg‘on urushi” deb atalgan mash’um urushda kechgan hayot-mamot orasidagi kunlarimning har daqiqasi menga bu savolni ro‘baru qo‘ygan. Aytsam ishonmassiz, lekin o‘shanda ayni o‘n sakkizdan o‘n to‘qqizga o‘tgan paytlarim edi. Eng ulug‘ ne’mat bu -bizga berilgan HAYOT! Uni qanday yashashimiz,qanday sarf etishimiz esa har birimizning o‘zimizga bog‘liq deb o‘ylayman. Lekin, har doim ham bunday emasday. Hayot so‘qmoqlari gohida bizni o‘zimiz istamagan taraflarga ham chunonam chirpirak qilib olib ketadiki, aql bilan qarasangiz, ular almisoqda bitilgan taqdir yozug‘imiz harflaridagi zeru zabarlari, ilmoqchalari ekanligiga iymon keltirishdan boshqa ilojingiz qolmaydi…