Chirchiq tank poligoni. Ajdodlarimiz asrlar davomida qo‘sh haydab g‘alla ekib, ardoqlab kelgan bepoyon qirliklar. Qudratli mashinalar oyog‘i ostida ezg‘ilanib charchagan, mehribon dehqonini sog‘ingan dala. Oyoq ostidagi bilqillagan tuproqning himoga mahtal zarralari kichik harakatda ham, ona yer faryodi yanglig‘ ko‘kka o‘rlaydi.
Bu yerdagi uch mingga yaqin askarlarning hammasi, sobiq Sovet Ittifoqining barcha hududlaridagi harbiy okruglardan, “afg‘on” urushiga yuborish uchun, Turkiston harbiy okrugiga yordam tariqasida, “K – 20 A” tamg‘asi bilan jo‘natilgan va shu yerda to‘plangan edi. Tartibsiz qurib tashlangan palatkalar shoshma-shosharlik bilan tiklanganmidi yoki afg‘on sharoitiga sal bo‘lsa ham ko‘zimizni qotirish maqsadida maxsus qilinganmidi, aytish qiyin. Noyabr oyi boshlangan bo‘lsa-da kun issiq. Bosh tiqishga-da soya topmoqlikni iloji yo‘q. Ertalabki nonushtaga boramiz, deb yo‘lga chiqib, navbat kutib palatkadan yasalgan oshxonaga yetib borgunimizgacha tushlik vaqti bo‘lib qolar, nonushta va tushlikni bitta qilib qaytib kelib, tuproq ustiga qurilgan palatkamizga kirib olardik. U yerda esa na karavot, na stol-stul bor edi. Faqat quruq yerga tashlangan matras bor edi xolos. Soyalab yotganingda biron bir farosati g‘ovlagan chopib kirsa, ko‘tarilgan changda bo’g‘ilib qolmaslik uchun tashqariga chiqishga majbur bo‘lardik.
Men bu yerda o‘tkazgan to‘qqiz kun mobaynida tartib bo‘lmagan joyda yashash, ishlash va xizmat qilish naqadar qiyinchilik tug‘dirishini his qildim. Chunki bu yerda to‘plangan askarlar o‘zlari bo‘ysunadigan komandirini tanimasdi, agar u haqiqatan ham bor bo‘lsa. Bor bo‘lsa ham faqat “qabul qildim, jo‘natdim“ qabilidagi hisobot yuritish bilan mashg‘ul bo‘lsa ne ajab. Chunki, bu yerdan askarlar Afg‘onistonga har kuni jo‘natilar va har kun yangi kelganlar qabul qilib olinaverardi. Undan tashqari, o‘g‘lining shu yerdaligidan xabar topib, dilbandini bu xatarli “safar”dan olib qolish “yo‘llarini qidirgan” otalar ham ko‘rinib qolardi2ki, farzandini ko‘rish ilinjida tikanli simlar orasidan mo‘ralagancha kun bo‘yi tik oyoqda turishardi.
Ahvol bunaqaligini ko‘rib, vaziyatni tushunib olgandan so‘ng o‘zimiz to‘rt-besh so‘m pul yig‘ib, shaharga tushib yegulik olib keladigan bo‘ldik. Yegulik ham antiqa: faqat buxanka non va baqlajon ikrasi. O‘sha paytda shahar do‘konlaridan topganimiz shu edi.