Xayriyat bizning navbatimiz kelib, qatorlashib kelgan bahaybat “Ural” mashinalariga joylashib, bir soatlar chamasi yo‘l bosib harbiy aerodromga yetib keldik.
Samolyotga chiqyapmiz, taxminan “afg‘on”ga uchishimizni bilib tursam-da, qalbimning tub-tubida “boshqa joyga olib ketishsa edi”, degan xom xayol ham yo‘q emasdi.
–Afg‘onga ketishimiz rostga o‘xshab qoldi, yigitlar, meni bitta irimim bor, -dedi To‘ra, cho‘ntagidan bir dona qurut chiqara turib.
–Mana shuni yarmini bo‘laklab hozir yeymiz, yarmini esa u yoqqa tushgandan so‘ng, -deb yarimta qurutni olti kishiga taqsimlab berdi.
Otasi birrov kelib ko‘rib ketganidan so‘ng g‘alati bo‘lib qolgan Elbek,1 negadir qurut yeyishni istamadi.Biz beshovlon esa To‘rani og‘ziga termulgancha qo‘limizga tekkan “ulush”imizni shimiy boshladik.
–Shunday qilsak, hammamiz sog‘-salomat vatanimizga qaytamiz, -deb qurutning qolgan qismini qog‘ozga o‘rab cho‘ntagiga soldi.
Samolyot juda haybatli edi. Shu vaqtgacha uch-to‘rt marta fuqaro aviatsiyasiga qarashli bo‘lgan samo kemalarida uchib ko‘rganim uchun bu harbiy desant qo‘shinlarining IL-76 samolyoti ko‘zimga juda qo‘pol ko‘rinardi. Bir qatorda saflanib, samolyotning tushirilgan dumidan yuqoriga navbat bilan chiqishni boshladik. Ism-sharifimizni o‘qigan zobit, aftimizga birrov termuladi-da so‘ng harbiy guvohnomamizni qo‘limizga tutqizib, yelkamizga shapatilab samolyot sari yo‘naltiradi. Navbat Elbekka kelgach, uning hujjatini o‘z qo‘liga emas, boshqa bir zobitga berdi-da, uni o‘zini bosh bilan irg‘ab safdan chetga chiqardi. Trapdan ko‘tarilib samolyot saloniga chiqyapman-u “ha, otasi ishni pishitgan ekan-da, qurut yemagani ham bejizga emas ekan”, degan xayol bilan ortga qaradim. U allaqachon sal narida turgan mashina yoniga yetib borgan, u yerda esa undan boshqa yana uch-to‘rt nafar hammadan “aqlli” yigitlar yig‘ilib turardi.
Do‘st sinasang, safarda sina derlar,
Do‘st uchun zahar yut, begina derlar,
Do‘stga vafo boshing ustina derlar,
Qo‘rqoq yigit yo‘qotgay safdoshini,
Botirlarga tog‘lar egar boshini.2
Biz qo‘rqqan – Afg‘on. Boshlandi.
Uch yuz chog‘li askarni o‘z bag‘riga olgan uchoq havoga ko‘tarilib, bir yarim soat ham uchmasdan qo‘nishga chog‘lana boshladi va chap tarafga keskin burila turib aylanasiga pastlay boshladi. “Harqalay, Termizga tushyapmiz shekilli” deb xayolimdan o‘tkazdim, lekin pastga tushgach bizni o‘rab olgan, qo‘llarida avtomat ko‘targan askarlarni, atrofimizdagi sarg‘ish tusdagi baland tog‘larni ko‘rib hafsalam pir bo‘ldi: ha, bu joy biz qo‘rqqan ”AFG‘ON” edi!