Jangchilar o‘rtasida menga yoqqan shunday bir an’ana bor ediki, bu yillar osha saqlanib, uni yosh askarlar ham, hamon davom ettirib kelmoqda edilar. Bu – harbiy amaliyotga ketish chog‘ida va undan qaytishdek quvonchli onlarda, yo‘l chetida nimaningdir umidida turgan afg‘on bolakaylariga sovg‘alar ulashish edi. Bu holat jangga ketayotganimizda kamroq, qaytayotganimizda esa ko‘proq yuz berardiki, buning sababi ayon: borishda oziq-ovqatimizni tejaymiz, qaytishda esa o‘zimizdan orttirganlarimizni bolakaylarga tarqatamiz.
Shunday farahbaxsh kunlardan biri. Alixeyl amaliyotidan Gardez shahrining chekka ko‘chalari bo‘ylab qaytyapmiz. Yo‘l chetida to‘p-to‘p bo‘lib turgan bolakaylarga kimdir non, kimdir shirinliklar, yana kimdir konserva mahsulotlaridan uloqtirib kelmoqda.
– Baxshish davay, baxshish davay, – degancha pushtun va rus tillari qorishmasida baqirayotgan bolalar ovozi harbiy texnikalar shovqini ostida yo‘qolib ketar, sovg‘aga erishganlari xursand, o‘ljani qo‘ldan chiqarmaslik maqsadida o‘zini tezda to‘dadan chetga olar, sovg‘a tegmagan alamzadalar esa sherigining qo‘lidagidan umidvor bo‘lib unga tashlanib qolishar va hatto o‘zaro tortishib qolishgacha ham borishardi.
Ayrim joylarda esa bolalarini yo‘l chetidan olib ketishga besamar urinayotgan paranji yopingan ayollar ham ko‘rinib qolishar, erkaklar esa deyarli ko‘rinmasdi.
Yonimda o‘tirgan Jenya, qo‘lidagi bir quti pechenyesini namoyishkorona aylantirgancha uloqtirayotganda unga qistirib bog‘lab qo‘yilgan granata zapaliga ko‘zim tushdi.
– Nima qilyapsan, Jenya, – degancha qo‘lidagini uloqtirishiga to‘sqinlik qilmoqchi bo‘ldim. Afsuski, ulgura olmadim. Uning qo‘lidan ozod bo‘lishi bilan ochilgan saqlagichning “shirq” etib chiqargan ovozi texnikalar g‘ovuri ichidan-da quloqlarimgacha yetib keldi.
Portlovchi pechenye havoda uchib borar ekan, “baxshish”umididagi besh-olti nafar bolakaylar uni tutish ilinjida bir-birovlarini quvlagancha u tomon intilishdi. Buni xuddi futbol maydonida burchakdan tashlab berilgan to‘pga egalik qilmoqchi bo‘lgan o‘yinchilar holatiga o‘xshatish mumkin edi.
Lekin pechenye hech kimning qo‘liga tushmasdan o‘tib, eng orqada qolgan, yosh jihatdan tengqurlaridan kichikroq bo‘lgan bolaning panjalari orasiga tushdi va o‘zini ortga tashlab, pechenye ushlagan qo‘llarini ko‘kragi bilan bosgancha yerga yiqildi. Sheriklari uning qo‘lidagiga egalik qilish uchunmi, yoki “o‘yinga” qiziqib ketganliklaridanmi o‘zlarini uning ustiga otishdi. Shu damda “paq” etgan tovushni eshitdim va biz ketayotgan mashina yo‘l chetidagi uy yoniga yetishi bilan uning tomi bizni voqea joyidan to‘sib qo‘ydi. Shu sabab “o‘yin”ning oxirini ko‘rolmadim. Balki ko‘rmaganim yaxshi bo‘lgandir.